Гурлан тумани ҳокими М.Ачилов 2021-йил якуни ва 2022-йилда амалга оширилиши лозим бўлган ишлар юзасидан ҳисобот берди.
date_range17.12.2021, 16:50
Gurlan tumani hokimi M.Achilovning tumanda 2021-yilgi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari va 2022-yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan islohotlar bo‘yicha tuman Kengashi deputatlari va tuman aholisiga murojaati to‘g‘risida.
Barchamizga yaxshi ayonki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar zamirida odamlarni hayotdan rozi qilish g‘oyasi mujassamdir. “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”degan ezgu maqsad ham ana shu g‘oyani hayotga tatbiq etishga xizmat qiladi aslida.Yakunlanib borayotgan yilda yurtimizning barcha hududida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, iqtisodiyotimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini ta’minlovchi ko‘plab istiqbolli loyihalar ro‘yobga chiqarildi.Bu jarayonlarning jadal sur’at kasb etishida hurmatli Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan davlat siyosatida aholining turmush sharoitini yanada yaxshilash, mamlakatning iqtisodiy qudratini oshirish, imkoniyatlardan kengroq foydalanish masalalariga eng muhim va ustuvor yo‘nalish sifatida ahamiyat qaratilayotgani sabab ekanligi barchamizga ayon.
Joriy yilning o‘tgan 11 oyi davomida tumanda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 416,6 mlrd so‘m (116,0 %)ga, qurilish-pudrat ishlari 198,4 mlrd so‘m (122,7 %)ga, chakana savdo hajmi 789,8 mlrd so‘m (116,2 %)ga, jami xizmatlar hajmi esa 401,6 mlrd so‘m (117,7%)ga bajarilishi ta’minlandi.
Iqtisodiy rivojlanish va samaradorlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha tumanda o‘tgan yanvar-noyabr oylarida aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2 mln 771 ming so‘m, xizmatlar hajmi 2 mln 672 ming so‘m, chakana savdo aylanmasi 5 mln 255 ming so‘mga to‘g‘ri keldi.
Gurlan tumanini 2022-2026-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.
Aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha kelgusi 5 yilda jami 36,4 mingta ish o‘rinlari yaratiladi.
Jumladan, tabirkorlikni rivojlantirish orqali 7,9 ming nafar;
qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va aholi tomorqalaridan samarali foydalanish hamda paxta va g‘alladan qisqartirilgan yer maydonlarini ijaraga berish hisobiga 6,8 ming nafar;
sanoat yo‘nalishida 800 nafar;
xizmatlar sohasini rivojlantirish orqali 2,1 ming nafar va boshqa yo‘nalishlarda 18,8 ming nafar ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlaymiz.
Investitsiyalar jalb qilish va tumanning eksport salohiyatini oshirish maqsadida 235,0 mln dollarlik 287 ta investitsiya loyihalari amalga oshiriladi hamda tuman eksport salohiyati 2 barobarga oshirilib, 20,9 mln dollarga yetkaziladi.
Aholiga munosib yashash sharoitini yaratish, infratuzilmani yaxshilash maqsadida 2022-2026-yillarda 70 ta ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirib olindi, jumladan, kelgusi yilda “Chinobod” mahallasida “Yangi O‘zbekiston” massivi tashkil qilinib, 4 ta ko‘p qavatli uylar barpo qilinadi.
“Obod qishloq” dasturiga asosan 2022-2026-yillarda 10 ta mahallaga o‘rtacha 151,2 mlrd so‘m ajratilishi rejalashtirilmoqda.
Bugungi kunda tuman aholisining 65 foizi toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan bo‘lib, 2026-yil yakuni bilan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 100 foizga yetkaziladi hamda tuman markazi oqova suv tarmog‘i (kanalizatsiya) bilan ta’minlanadi.
Kelgusi 5 yilda elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 490,1 km elektr tarmog‘i, 88 ta TP (transformator) qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshiriladi.
Shuningdek, 450,0 kilometrdan ortiq ichki yo‘llar va 16 ta ko‘priklarni ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi, bunga 255,0 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladi.
Qishloq xo‘jaligi sohasida 1060 gektar paxta va g‘alla maydonlari aholiga uzoq muddatli ijaraga beriladi;
1000 gektarda intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etiladi;
aholi xonadonlarida jami 10 gektarda issiqxonalar quriladi;
7,5 ming gektar maydonning suv ta’minoti, 28,1 km melioratsiya tarmoqlari ta’mirlanadi.
Aholi sog‘lig‘ini asrash va mustahkamlash bo‘yicha 1 ta yangi oilaviy shifokorlik punktini tashkil qilish va 4 ta oilaviy poliklinikalarni rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.
Kelgusi yilda tumanlararo jarohatlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazi tashkil qilinadi, bugungi kunda qurilish ishlari yakunlangan, yangi qurilgan bino ichida MSKT xonasi, gemodializ zallari, angiograf, kardioreanimatsiya, laboratoriya bo‘limlari mavjud.
Markaz tashkil qilingandan keyin tumanimiz hamda Shovot, Yangibozor tumanlarining jami 409,1 nafar aholisi qamrab olinadi.
Ushbu markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida MSKT apparati yordamida aniq tashxis qo‘yish, angiograf yordamida bemorlarda yurak-qon tomirlarini stentlash, gemodializ apparatlari yordamida bemorlarda gemodializ davolash ishlari amalga oshiriladi. Bu jarayonlarning barchasi hozirgi paytda viloyat markazida amalga oshirilib kelinmoqda, ushbu markazning Gurlan tumanida tashkil qilinishi bilan bemorlar va aholiga juda katta qulayliklar yaratiladi.
2022-2026 yillarda 6 ta birlamchi bo‘g‘in tibbiyot muassasalarida hamshiralik qabul punktlari tashkil etiladi.
Xususiy tibbiyot muassasalari soni 40 taga yetkaziladi.
Tumanda ta’lim sifatini yaxshilash maqsadida maktabgacha ta’lim qamrov darajasi 79,6 foizdan 100,0 foizga yetkaziladi;
1 ta yangi maktab qurilib (Besh uy mahallasi “Otkorma” massivida), 12 tasi rekonstruksiya qilinadi va 12 tasi kapital ta’mirlanadi, oliy ta’lim qamrovi 50 foizga yetkaziladi.
Rejalashtirilgan chora-tadbirlardan asosiy maqsad tuman aholisi daromadini oshirish, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirishdir.
Tumanda bugungi kunda 6,2 ming nafar mehnatga layoqatli ishsiz fuqarolar bo‘lib, ish izlab xorijga ketganlar 10,9 ming nafar hamda mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlar 2,2 ming nafarni tashkil qiladi.
Aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish borasida asosiy 3 ta yo‘nalish bo‘yicha ishlarni olib boramiz.
1-yo‘nalish – tadbirkorlikni rivojlantirish hamda yetishmaydigan xizmat turlarini tashkil qilish bo‘yicha jami 3266 nafar ishsiz fuqarolar bandligi ta’minlanadi.
Jumladan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 58,0 mlrd so‘m kredit mablag‘lari ajratilib 1720 nafar;
2 ta mahallada (Olchin va Marbugat) “yetakchi tadbirkorlar”ga imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilib, kooperatsiya usulida xonadonlarda parrandachilik, tikuvchilik, asalarichilik tashkil qilinishi hisobiga 180 nafar;
yangi tadbirkorlik subyektlarini tashkil qilish hamda faoliyatsiz korxonalarning faoliyatini tiklash hisobiga 980 nafar;
mahallalarda yetishmaydigan xizmat turlarini tashkil qilish hamda yo‘l bo‘yida xizmat turlarini rivojlantirish orqali 386 nafar fuqarolar bandligi ta’minlanadi.
2-yo‘nalish – qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish, aholiga yer maydoni ajratish va parranda, chorva mollari yetkazib berish orqali jami 6395 nafar ishsiz fuqarolar bandligi ta’minlanadi.
Jumladan, 3680 nafar fuqarolarga 15 sotixdan jami tuman bo‘yicha 552,0 gektar yer maydoni ajratiladi;
250 gektar foydalanishdan chiqqan yer maydonlari foydalanishga kiritilishi hisobiga 160 nafar fuqarolar bandligi ta’minlanadi;
Aholi xonadonlariga 100 boshdan parranda, 20 boshdan quyon, 5 tadan asalari oilalari hamda 5 boshdan qo‘y va echkilar yetkazib berish hisobiga 2455 nafar fuqarolar band qilinadi.
Parrandachilik bo‘yicha “Gurlan dehqon bozori savdo xarid fermasi” MCHJ tomonidan Rossiya Federatsiyasidan yuqori samarali “Iza braun” nomli parrandalarning 100 mingta tuxumlari olib kelinib, tumandagi 4 ta inkubatorlarda jo‘ja chiqariladi hamda 7 ta parrandachilik xo‘jaliklarida 3 oy parvarish qilinib, 1000 ta ishsiz va kam daromadli aholi xonadonlariga yetkazib beriladi. Keyinchalik parrandalar zotini saqlab qolish va ko‘paytirish maqsadida xonadonlarga 50-100 talik inkubatorlar yetkazib beriladi.
Bundan tashqari, 140 ta xonadonda quyonchilik, 415 ta xonadonda asalarichilik, 900 ta xonadonda qo‘y va echkichilik tashkil qilinadi.
Meva-sabzavot klasterlari faoliyatini tashkil qilish va rivojlantirish hisobiga (“Bozor tomat pastasi” MCHJ, “Muxandis” FX) 100 nafar ishsiz fuqarolar bandligi ta’minlanadi.
3-yo‘nalish – tuman sanoatini rivojlantirish hududiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga 1254 ta ish o‘rinlari yaratiladi.
Sanoat sohasida qiymati 325,2 mlrd so‘mlik 15 ta loyiha amalga oshirilib 640 ta;
xizmat ko‘rsatish sohasida qiymati 26,2 mlrd so‘mlik 15 ta loyiha amalga oshirilib 124 ta;
qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha qiymati 30,2 mlrd so‘mlik 17 ta loyiha amalga oshirilib, 185 ta ish o‘rinlari yaratiladi.
Aholining tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishga moliyaviy ko‘maklashish, ularning daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish, “mahallabay” ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida 2021-yil 3-dekabrda Muhtaram Prezidentimizning PF-29-sonli Farmoni va PQ-31-sonli qarori qabul qilindi.
Farmon va qaror bilan mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha “hokim yordamchilari” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Tumanda 50 ta mahallalarga 50 nafar xodimlar ochiq tanlov asosida tanlab olindi.
Jumladan, iqtisodiy kompleksga qarashli idora va tashkilotlardan 33 nafar, qishloq xo‘jaligi tizimi tashkilotlaridan 1 nafar, ijtimoiy kotibiyat tizimi tashkilotlaridan 3 nafar, mahalla va oila tizimi tashkilotlaridan 6 nafar hamda oliy ma’lumotli tadbirkorlardan 7 nafar nomzodlar tanlab olindi.
Hokim yordamchilariga quyidagi imtiyozlar beriladi:
“hokim yordamchilari” faoliyati natijalariga ko‘ra Milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining takliflariga asosan hokim yordamchilarini tanlovsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuqori lavozimlarga o‘tkazishga ruxsat beriladi;
“Yangi O‘zbekiston islohotchisi” ko‘krak nishoni ta’sis etiladi;
hokim yordamchisi lavozimiga tayinlangan hamda ular faoliyatini samarali tashkil etishga jalb qilingan shaxslarni ushbu ko‘krak nishoni bilan taqdirlash amaliyoti joriy etiladi;
Hokim yordamchilarining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
mahalladagi ishsiz aholini ish bilan ta’minlashga, ularga doimiy daromad manbaini yaratishga ko‘maklashadi;
o‘ziga biriktirilgan mahallani rivojlantirish bo‘yicha 2022-yilga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqadi va ijrosini ta’minlaydi;
ajratilayotgan resurslardan samarali foydalanish yuzasidan doimiy monitoringni amalga oshiradi;
amalga oshirilgan ishlar natijadorligi yuzasidan tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bilan birgalikda doimiy ravishda hokimga hisobot berib boradi.
Tumanda paxtachilik-to‘qimachilik yo‘nalishida 1 ta “Gurlan global teks” klasteri mavjud bo‘lib, mazkur klasterga 11,6 ming gektar yer maydoni biriktirilgan. Klaster tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar hamda fermer va mirishkor dehqonlarimizning sa’y-harakati natijasida tumanda joriy yil 40,9 ming tonna, ya’ni gektaridan 35,3 sentnerdan paxta xomashyosi yetishtirildi.
Paxta tolasini qayta ishlash quvvati 16 ming tonna bo‘lgan mazkur klasterda 1306 nafar ishchi va xizmatchilar mehnat qilib kelmoqda. Joriy yilda 13 ming tonna paxta xomashyosi qayta ishlandi, 2,7 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarilib, 6 mln dona tayyor mahsulotlar (kiyim-kechak va paypoq) ishlab chiqarildi.
2022-yilda klaster tomonidan qiymati 24 mln dollar bo‘lgan 4 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Natijada 1198 ta ish o‘rni yaratiladi, 10,4 mln dollar bo‘lgan mahsulot eksport qilinadi va 20,2 mlrd so‘m budjetga tushum tushishi rejalashtirilgan.
Sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida tumanda 2022-yilda yana bitta paxtachilik-to‘qimachilik klasteri tashkil qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Bundan tashqari tumanda sholichilik yo‘nalishi bo‘yicha 2 ta hamda meva-sabzavotchilik bo‘yicha 2 ta klasterlar faoliyat yuritib kelmoqda.
Chinobod massivida foydalanishdan chiqqan 250 gektar maydonda kooperatsiya tashkil qilinib, kooperativ a’zolariga o‘rtacha 1 gektardan tokzor tashkil qilish uchun yer ajratiladi, natijada 250 nafar ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlanadi.
Bundan tashqari paxta-g‘alladan qisqartirilayotgan 424 gektar yer maydonlari aholining bandligi ta’minlash maqsadida 10 sotixdan 1 gektargacha dehqon xo‘jaligi tashkil qilish uchun e-ijara.uz axborot tizimi orqali ochiq elektron tanlovga chiqariladi.
Aholi tomorqalaridan samarali foydalanish bo‘yicha tumanda jami 21836 ta xonadon 3555 gektar tomorqa yer maydonlaridan foydalanib kelmoqdalar. 2022-yil hosili uchun mazkur tomorqa yer maydonlarining 305 gektariga (228 gektar piyoz va 77 gektar sarimsoqpiyoz) to‘qsonbosti ekinlari hamda 1588 gektariga boshoqli don ekini ekilgan.
2021-yilda tomorqa yer maydonlarida ertagi ekinlardan 31460 tonna, o‘rtangi ekinlardan 19712 tonna, jami 51172 tonna hosil yetishtirildi.
Tumanda 2021-2022-yillarga mo‘ljallangan hududiy investitsiya dasturi bo‘yicha joriy yilning o‘tgan davrida qiymati 281,3 mlrd so‘mlik 126 ta loyiha ishga tushirilgan bo‘lib, natijada 1432 ta ish o‘rinlari yaratildi.
Bundan tashqari, viloyat hokimining topshirig‘i asosida qo‘shimcha loyihalar shakllantirilib, 2021-yil davomida umumiy qiymati 549,6 mlrd so‘mlik 147 ta loyiha amalga oshirilishi natijasida 1 920 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Jumladan, sanoat yo‘nalishida jami qiymati 128,9 mlrd so‘mlik 48 ta loyiha amalga oshirilib, 970 ta ish o‘rinlari;
xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida jami qiymati 125,3 mlrd so‘mlik 70 ta loyiha amalga oshirilib, 483 ta ish o‘rinlari;
qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida jami qiymati 295,4 mlrd so‘mlik 29 ta loyiha amalga oshirilib, 467 ta ish o‘rinlari yaratildi.
Tuman hokimligi, tijorat banklari, tegishli idora va tashkilotlar hamkorligida 2022-yilda sanoat, xizmat va qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshiriladigan loyihalarning manzilli dasturi ishlab chiqildi.
O‘tgan yilgi dastur doirasida shakllantirilgan yildan-yilga o‘tuvchi loyihalar bilan birga 2022-yilda jami hisobda qiymati 281,1 mlrd so‘mlik 47 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, yangidan 949 ta ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Tumanda kichik tadbirkorlik subyektlarining sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishini tashkil qilish va faoliyatini kengaytirishda kichik sanoat zonalarining o‘rni juda muhim hisoblanadi.
Gurlan tumanidagi bo‘sh turgan hamda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan 7,3 gektar yer maydonida yangidan kichik sanoat zonasi tashkil qilindi.
Mazkur yangi kichik sanoat zonasida import o‘rnini bosuvchi eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan jami qiymati 36,3 mlrd so‘mlik 4 ta loyiha shakllantirildi.
Shundan:
- “Avar woods” MCHJ tomonidan qiymati 11,4 mlrd so‘mlik LDSP va DSP ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi amalga oshirilib, 50 ta ish o‘rinlari yaratildi;
- “Gurlan CNC TECH” MCHJ tomonidan qiymati 850 mln so‘mlik yog‘och va temirga ishlov berish uskunalari ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilib, 2 ta ish o‘rni yaratildi;
-“Odilbek Laylo” oilaviy korxonasi tomonidan 4,0 mlrd so‘m investitsiyalar kiritilishi hisobiga samorez va zamonaviy mebel ishlab chiqarish tashkil etiladi va 10 ta ish o‘rinlari yaratiladi;
- “GURLAN GLOBAL TEKS” MCHJ tomonidan qiymati 30 mlrd so‘mlik chigitni qayta ishlab chiqarish (yog‘-moy ishlab chiqarish) loyihasi amalga oshiriladi.
Loyihalar amalga oshirilishi natijasida yiliga qo‘shimcha ravishda 2,0 mln dollarlik mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlari yaratilishi belgilangan.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2022-yil yakuniga 810,4 mlrd so‘mni, aholi jon boshiga 5,3 mln so‘mni tashkil qilishi ko‘zda tutilgan.
Aholini uy-joy bilan ta’minlash maqsadida kelgusi yilda jami 326 xonadonli 14 ta ko‘p qavatli uy-joylar quriladi.
Jumladan, “Nukus” mahallasida 4 ta 96 xonadonli;
“Navbahor” mahallasida 1 ta 30 xonadonli;
“Chinobod” mahallasida 9 ta 200 xonadonli uy-joylar quriladi.
Shundan, “Chinobod” mahallasida “Yangi O‘zbekiston” massivi tashkil qilinib, 4 ta ko‘p qavatli uylar, 1 ta maktab va 1 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti quriladi.
Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda amalga oshirilgan yirik dasturlardan biri, shubhasiz, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlaridir. O‘zingiz guvohsiz, dunyo tajribasida o‘ziga xos yangilik sifatida ko‘rilayotgan ushbu dasturlar tufayli qanchadan-qancha mahalla va qishloqlar obod bo‘lib, xalqimizning turmush sharoitlari yaxshilandi.
Joriy yilda tumanda mahallalarning arxitektura qiyofasini yangilash va hududlarini obodonlashtirish bo‘yicha jami 81,4 mlrd so‘mlik, shundan “Obod qishloq” dasturi doirasida “Shang‘i” va “O‘yilma” mahallalarida 26,7 mlrd so‘mlik ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, “Shang‘i” mahallasida 11,9 km uzunlikdagi ichki yo‘llar ta’mirlandi, ichimlik suvi ta’minoti tizimini yaxshilash bo‘yicha 14,7 km ichimlik suvi tarmog‘i yotqizilib, mahalla to‘liq ichimlik suv tarmog‘i bilan qamrab olindi, elektr ta’minoti tizimini yaxshilash maqsadida 2 ta yangi elektr transformatori o‘rnatildi, 12,4 km havo liniyasi (elektr simlari) yangidan tortildi va rekonstruksiya qilindi, aloqa tarmog‘ini yaxshilash maqsadida 1 km optik tolali aloqa tarmog‘i tortildi.
Ijtimoiy soha infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha dastur doirasida 1 ta maktab va 1 ta sog‘liqni saqlash obyektida mukammal ta’mirlash ishlari bajarildi.
Yangidan MFY binosi, 2 ta savdo va 4 ta maishiy xizmat ko‘rsatish obyekti qurildi.
“O‘yilma” mahallasida bugungi kunga qadar ichki xo‘jalik yo‘llarining 11,5 km qismi ta’mirlandi, 20 km uzunlikdagi ichimlik suvi quvuri yotqizildi.
2022-yilda “Besh uy” va “Bo‘zqal’a” mahallalari “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan bo‘lib, jami 23,0 mlrd so‘m pul mablag‘lari sarflanishi ko‘zda tutilgan.
Dastur doirasida 1 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti va 2 ta maktab binolari kapital ta’mirlanishi va rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari mahallalarda 1,0 km piyoda yo‘laklari, 54 dona tungi yoritish tizimi, 2 ta chiqindi yig‘ish punkti, 3,5 km optik tolali aloqa, 6 ta savdo majmualari barpo qilinadi.
Tumanda amalga oshirilayotgan qurilish va bunyodkorlik ishlari haqida so‘z ketsa, davlat Investitsiya dasturi doirasida amalga oshirilgan loyihalar xususida to‘xtalib o‘tish kerak.
Dasturga asosan 6 ta ijtimoiy soha va infratuzilma obyektlarida qurilish- montaj ishlari amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Mustaqillik ko‘chasidagi Markaziy o‘yingohni 4,8 mln so‘m hisobiga ta’mirlash va zamonaviy ko‘rinishga olib kelish ishlarini olib borilmoqda. Markaziy o‘yingoh kelgusi yili aprel oyida foydalanishga topshiriladi;
6,4 mlrd so‘m hisobiga 7-sonli umumta’lim maktabida mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi;
11,5 mlrd so‘mga tuman tibbiyot birlashmasining 30 o‘rinli yuqumli kasalliklar bo‘limi va tez tibbiy yordam bo‘limi binolari rekonstruksiya qilindi.
Bundan tashqari, Muhtaram Prezidentimizning 2020-yil 12-13-dekabr kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi davomida bergan topshiriqlari va kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan yig‘ilish bayoni ijrosini ta’minlash maqsadida qiymati 24,0 mlrd so‘mlik yangidan zamonaviy loyihalar asosida sport majmuasi qurilishi ishlari olib borilmoqda.
Markaziy o‘yingohning rekonstruksiya qilinishi, “Zamonaviy sport majmuasi” qurilishi, piyodalar yo‘lakchalari tashkil etilishi natijasida Gurlan shaharchasining arxitektura qiyofasi yaxshilanadi hamda tuman aholisi, ayniqsa, yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishiga keng imkoniyatlar yaratiladi.
Aholi ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida joriy yilning o‘zida 76,9 km ichimlik suvi tarmog‘i hamda 2 ta suv inshootlari qurilishi amalga oshirilmoqda. Obyektlar ishga tushirilishi natijasida 2022-yil yakuni bilan toza ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 65,0 foizdan 85,0 foizga yetadi.
Tumanni 2022-2026-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha Dastur mahalla fuqarolar yig‘inlari hamkorligida, xalqimiz bilan hamfikrlikda ishlab chiqilib, loyihasi Respublika ishchi guruhiga taqdim qilindi.
Dasturga aosan kelgusi 5 yilda tumanda 165,9 km ichki yo‘llar ta’mirlanishi rejalashtirilgan, bundan tashqari ichimlik suvi yetib bormagan mahalla va ko‘chalarga 221,0 km ichimlik suvi tarmog‘i tortilishi hisobiga tuman aholisi 100 foiz ichimlik suvi bilan ta’milanadi.
Tuman markazi Gurlan shaharchasiga 2023-2024-yillarda xalqaro moliya institutlari kredit mablag‘lari hisobiga kanalizatsiya tizimi o‘tkaziladi.
Tumandagi “Besh uy” mahallasi “Otkorma” posyolkasiga eng yaqin bo‘lgan maktabgacha bo‘lgan masofa 4 km.ni tashkil qilishi hamda maktabgacha ta’lim muassasasi yo‘qligini inobatga olib, kelgusi yilda 130 o‘ringa mo‘ljallangan maktab hamda 140 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi qurilishi ko‘zda tutilmoqda.
Bulardan tashqari, Investitsiya va “Obod qishloq” dasturlari doirasida 2022-2026-yillarda 226,8 mlrd so‘m hisobiga 31 ta maktab binolari;
15 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari binolari rekonstruksiya qilinishi va mukammal ta’mirlanishi rejalashtirilgan.
Elektr ta’minoti bo‘yicha 490 km tarmoqlar va 88 TP yangidan o‘rnatiladi, 422 km tarmoqlar va TP rekonstruksiya qilinadi.
Xalq deputatlari Gurlan tuman Kengashi kun tartibidagi masalani atroflicha muhokama qilib, O‘zbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risidagi” Qonunining 24-moddasiga asosan
QAROR QILADI:
1. Gurlan tumani hokimi M.Achilovning tumanda 2021-yilgi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari va 2022-yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan islohotlar bo‘yicha tuman Kengashi deputatlari va tuman aholisiga murojaati ma’lumot va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Tuman sektorlari rahbarlari, tuman hokimi o‘rinbosarlari va tegishli tuman tashkilotlari bilan birgalikda:
murojaatda belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirilishi bo‘yicha keng qamrovli tashkilotchilik ishlarini olib borish;
tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarining so‘zsiz bajarilishini ta’minlash choralarini ko‘rish;
aholini kambag‘allikdan chiqarish tadbirlarini, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan kambag‘al va pandemiya davrida daromad manbayini yo‘qotgan ehtiyojmand oilalar bilan ishlash, kambag‘al va ehtiyojmand oilalarning mehnatga layoqatli a’zolarini ishga joylashtirish orqali ularning doimiy daromad manbayi bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish vazifalari yuklatilsin.
3. Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlariga o‘zlari saylangan okruglar hududida murojaatda belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi yuzasidan deputatlik nazoratini o‘rnatish vazifalari yuklatilsin.
4. Tuman hokimligi axborot xizmati rahbari O.Jabberganov, “Gurlan hayoti” gazetasi bosh muharriri F.Abdullaevga tuman hokimining 2021-yilgi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari va 2022-yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan islohotlar bo‘yicha tuman Kengashi deputatlari va tuman aholisiga murojaatini ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish vazifasi topshirilsin.
5. Mazkur qaror ijrosining nazorati xalq deputatlari tuman Kengashining doimiy komissiyalari raislari hamda tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i U.Davlatov zimmalariga yuklatilsin.
| Tuman hokimi | M.A.Аchilov |
Хатолик ёки ишламаётган хавола топлидими?
Сайтда хатоликларга дуч келсангиз Ctrl + Enter
тугмаларини босган ҳолда бизга хабар жўнатишинингиз мумкин.
shareБошқаларни хам хабардор қилинг















Изоҳлар (0)
Изоҳ қолдириш