image

Gurlan tumani raqamlarda: 320,4 mlrd so'm, 605,3 mlrd so'm, 89,8%

date_range27.11.2021, 14:02
Gurlan tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish reyting baholash natijalari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hamda yil yakunlari bilan kutilayotgan natijalar to‘g‘risida tuman hokimining birinchi o‘rinbosari U.Davlatovning axboroti
Muhtaram Prezidentimizning 2020-yil 1-maydagi “Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning reyting baholash tizimini joriy etish” to‘g‘risidagi PQ-4702-sonli qaroriga asosan har bir tuman va shahar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib reyting baholash natijalariga ko‘ra “yaxshi”, “o‘rta”, “qoniqarsiz” toifalarga ajratib chiqilishi belgilangan.
Gurlan tumani 2021-yil yanvar-oktabr oylari bo‘yicha tezkor baholash natijalariga asosan umumiy 70,48 ball to‘plagan.
Jumladan, statistik ko‘rsatkichlarga asosan tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi bo‘yicha 25,09 ball;
tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari bo‘yicha 23,02 ball;
aholi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari bo‘yicha 22,37 ball bilan baholangan.
Tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini yo‘nalishlar kesimida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak:
Iqtisodiy rivojlanish va samaradorlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha:
tumanda ishlab chiqarilgan hududiy sanoat mahsuloti hajmi 68,3 mlrd so‘m, aholi jon boshiga 458,7 ming so‘mni tashkil qilgan;
xizmatlar hajmi 320,4 mlrd so‘m, aholi jon boshiga 2,2 mln so‘mni tashkil qilgan;
chakana tovar aylanmasi 605,3 mlrd so‘m, aholi jon boshiga
4,1 mln so‘mni tashkil qilgan;
markazlashmagan investitsiya hajmi 261,6 mlrd so‘m, aholi jon boshiga 1,8 mln so‘mni tashkil qilgan.
Hududiy korxonalar tomonidan 7,7 mln AQSH dollari miqdorida eksport amalga oshirilgan bo‘lib aholi jon boshiga 51,9 AQSH dollaridan to‘g‘ri kelgan.
Mehnat bozorining samaradorligi ko‘rsatkichlari bo‘yicha:
aholining bandlik darajasi 89,8 foizni tashkil qilgan;
vaqtincha ishlash uchun xorijga ketganlarning iqtisodiy faol aholining umumiy sonidagi ulushi 15, 4 foizni tashkil qilgan;
ishsizlar soni 6664 nafarni, 1 bo‘sh o‘ringa to‘g‘ri keldagin ishsizlar soni o‘rtacha 16 nafarni tashkil qilgan.
Iqtisodiyotning raqobatbardoshligi va diversifikatsiyasi ko‘rsatkichlari bo‘yicha:
sanoat mahsulotlari eksporti hajmining jami ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlariga nisbati 13,7 foizni;
iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmi aholi jon boshiga 859,5 ming so‘mni;
to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning umumiy investitsiya hajmidagi ulushi 42,3 foizni tashkil qilgan.
1014 gektar maydonlar suvni tejaydigan texnologiyalar bilan ta’minlangan.
Ishbilarmonlik muhiti va tadbirkorlikni rivojlantirish sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha:
faoliyat yuritmayotgan tadbirkorlik subyektlari soni 11 tani tashkil etib, jami tadbirkorlik subyektlaridagi ulushi 0,8 foizni tashkil etgan;
kichik biznes subyektlarida 463 ta yangi ish o‘rinlari tashkil qilindi;
10 oy davomida yangidan 191 ta kichik biznes subyektlari tashkil qilingan hamda 54 tasi tugatilgan.
Mahalliy soliqlarning yig‘uvchanlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha:
yanvar-sentabr oylarida 108,6 mlrd so‘m soliqlar hisoblanib 106,8 mlrd so‘m (98,3 foiz) soliqlar undirilgan.
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining fuqarolar murojaatlari bilan ishlash samaradorligi va ma'lumotlarning ochiqligi ko‘rsatkichlari bo‘yicha:
- hisobot davrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalari orqali mahalliy davlat hokimiyati organlariga kelib tushgan takroriy murojaatlar soni 4 tani tashkil qilgan;
- kelib tushgan 782 ta murojaatlarning 519 tasi, yoki 66,4 foizi qanoatlantirilgan.
Ijtimoiy sohadagi xizmatlarning hammabopligi va sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha:
- maktabgacha ta’lim muassasalari bilan qamrab olish darajasi 76,8 foizni;
- umumta’lim maktablarining yuklamasi koeffitsienti 1,02 ni;
- har 10 ming kishiga to‘g‘ri keladigan kasalxona koykalari soni 21,4 tani tashkil qilgan.
Tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida “o‘rta” hududdan “yaxshi” hudud toifasiga o‘tish bo‘yicha barcha imkoniyatlar mavjud.
Jumladan, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishni ko‘paytirish maqsadida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida ishga tushgan loyihalar ishlab chiqarish hajmlarini statistika hisobotlarida aks ettirilishini ta’minlaymiz.
Joriy yil yakunigacha 3 ta sanoat loyihalarini amalga oshirish orqali yiliga qo‘shimcha 6,3 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish quvvatlari yaratiladi hamda
25 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
2022-yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish maqsadida qiymati 314,6 mlrd so‘mlik 26 ta loyiha shakllantiriladi, jumladan, sanoat va xalq iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hamda eksportga yo‘naltirish maqsadida tumandagi paxta-to‘qimachilik klasteri “Gurlan global teks” MCHJ tomonidan “To‘quv sexini va bo‘yoq sexini kengaytirish, kalava-ip, tikuvchilik mahsulotlari va yog‘-moy ishlab chiqarish”, “Xorazm voha gilamlari” MCHJ tomonidan gilam ishlab chiqarish, “Perfekt Platinium” MCHJ tomonidan tibbiy qo‘lqoplar ishlab chiqarish, "Xorazm velomaster" MCHJ tomonidan velosiped ishlab chiqarish, "Baraka Haniff" MCHJ hamda “Sifat Ishonch garovi” MCHJlar tomonidan osh tuzi ishlab chiqarish loyihalari amalga oshiriladi.
Xizmatlar hajmini oshirish maqsadida 20 ta loyiha amalga oshiriladi hamda ular tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlarning statistika hisobotlarida aks ettirilishi ta’minlanadi.
Bundan tashqari, mahallalarda xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini xatlovdan o‘tkazib, yetishmaydigan xizmat turlari, ko‘chma xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tashkil qilish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.
“Mahallabay” ishlash tizimi bo‘yicha har bir mahallaga iqtisodiy kompleksga qarashli tashkilotlar hamda tijorat banklaridan 1 nafardan mas’ullar biriktirilib, hududlarda uyma-uy yurish orqali xizmatlar sohasi bo‘yicha 232 ta loyihalar aniqlandi. Bugungi kunga kelib 21 ta loyiha ishga tushirildi. Noyabr-dekabr oylarida 25 ta, 2022-yilda 191 ta loyiha ishga tushirilishi ta’minlanadi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish sohasida bugungi kunda tumanda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kichik biznes subyektlari 1442 tani tashkil qiladi.
Yil boshidan jami 717 ta: 494 ta yakka tartibdagi tadbirkorlik va 223 ta kichik biznes subyektlari tashkil qilindi.
Aholi bandligini ta’minlash borasida, tumanda mehnat resurslari 82,1 ming nafar, shundan 65,6 ming nafari iqtisodiy faol aholi hisoblanadi. Jami mehnat faoliyati bilan band aholi 58,9 ming kishi, shundan rasmiy sohada bandlar 20,3 ming kishi, norasmiy sohada bandlar 28,5 ming kishi, shundan 10,1 ming nafari xorijda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanmoqda. Tumanda ishsizlar 6 664 nafar, ya’ni ishsizlik darajasi 10,2 foizni tashkil qilmoqda.
Joriy yilning 10 oyi davomida tumanda 935 nafar fuqarolar turli korxona va tashkilotlarga ishga joylashtirildi.
Bundan tashqari, fuqarolarni turli yo‘nalishlarda haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etish orqali 774 nafar fuqarolarning bandligi ta’minlandi. 27 nafar tadbirkorlik qilishni xohlovchi ishsiz shaxslarga  subsidiya ajratildi.
Kvota asosida 127 nafar fuqarolar turli korxona va tashkilotlarga ishga joylashtirildi.
 308 nafar fuqarolar turli xil kasb-hunarga yo‘naltirilib o‘qitildi.
2021-yil yanvar-oktabr oylari davomida aholi bandligini ta’minlash va yangi ish o‘rinlari tashkil etish rejasi 1064 taga, 111,8 foizga bajarildi.
Shundan, hududiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga dastur 181 ta, yangi kichik korxona va mikrofirmalar tashkil etish hisobiga 475 ta, yangi oilaviy va yakka tartibdagi tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga 476 ta ish o‘rinlari yaratildi.
Tumanda soliqlar tushumini oshirish, yuridik va jismoniy shaxslardan mol-mulk va yer soliqlari undirilishini ta’minlash maqsadida soliq idorasi, iqtisodiy kompleksga qarashli tashkilotlar rahbarlari bilan birgalikda ish olib boramiz. Mahalliy budjetga tushumlar bo‘yicha belgilangan prognozlar bajarilishini ta’minlaymiz.
Yuqorida qayd qilinganlarni muhokama qilib, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 6-moddasiga muvofiq xalq deputatlari Gurlan tuman Kengashi
QAROR QILADI:
1. Gurlan tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish reyting baholash natijalari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hamda yil yakunlari bilan kutilayotgan natijalar to‘g‘risida tuman hokimining birinchi o‘rinbosari U.Davlatovning axboroti ma’lumot va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Sektor rahbarlari M.Achilov, Q.Raxmanov, Sh.Ramazanov, A.Urazbaev, tuman hokimi 1-o‘rinbosari U.Davlatov, tuman hokimi o‘rinbosarlari U.Jumagaldiev, T.Ernazarov, M.Urazmetov, B.Atashev, R.Dosimovlarga tegishli tashkilot rahbarlari bilan birgalikda:
- ro‘yxatga kiritilgan mehnatga layoqatli ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka, kasb-hunar o‘qitishga jalb qilish choralarini ko‘rish;
- budjet daromadlari bazasini ko‘paytirish, yashirin iqtisodiyotni aniqlash, qo‘shimcha manbalarni izlab topish choralarini ko‘rish;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti portalidan kelib tushgan murojaatlarni ijobiy hal qilish yuzasidan nazorat o‘rnatish;
- sektorlar kesimida ishlarni to‘g‘ri tashkil qilish, barqaror va mutanosib iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash, iqtisodiy islohotlar samaradorligini oshirish;
- yangi ish o‘rinlari yaratish, ishsizlikni kamaytirish va mehnat bozori samaradorligini ta’minlash;
- ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish va aholi turmush sifatini yaxshilash;
- aholi va biznes uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ishlab chiqarish infratuzilmasining barqarorligi hamda ishonchliligini ta’minlash;
- raqobatbardoshlik darajasini oshirib, iqtisodiyotni yanada diversifikatsiya qilish;
- ishbilarmonlik muhiti sifatini yaxshilash, tadbirkorlikni doimiy qo‘llab-quvvatlash va jadal rivojlantirish;
- moliyaviy mustaqillikka erishish hamda bank-moliya sohasini rivojlantirish;
- fuqarolar murojaatlari bilan ishlash samaradorligi va ma’lumotlarning ochiqligini oshirish choralarini ko‘rish topshirilsin.
3. Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari o‘zlari saylangan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining, xususan, yoshlar va ayollarning ish bilan bandligini ta’minlash, kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlikni rivojlantirish yuzasidan deputatlik nazoratini o‘rnatsinlar.
4. Tuman hokimligi axborot xizmati rahbariga ushbu qarorni tuman hokimligining rasmiy veb-saytida e'lon qilish topshirilsin.
5. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish sektor rahbarlari (M.Achilov, Q.Raxmanov, Sh.Ramazanov, A.Urazbaev) zimmalariga yuklatilsin.

Tuman hokimi
M.A.Аchilov