image

Ayollar kurashi bo‘yicha mamlakat kubogi Xorazm jamoasiga nasib etdi

date_range17.10.2021, 18:02
Navoiy shahridagi Yakkakurash turlariga ixtisoslashtirilgan Bolalar-o‘smirlar sport maktabi zalida o‘tkazilgan ayollar kurashi bo‘yicha O‘zbekiston kubogi yakuniga yetdi.

Musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahridan 100 nafarga yaqin 2006-2007 yillarda tavallud topgan o‘smir qizlar medallar uchun bahs olib borishdi. Ikki kun davom etgan va 10 ta vazn toifasida tashkil etilgan bellashuvlarda biroz kutilmagan natija kuzatildi.


Xorazm viloyati ayollar kurashi jamoasi mamlakatimizda yetakchi hisoblangan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyati jamoalarini ortda qoldirib, O‘zbekiston kubogi sohibiga aylandi.

Qoraqalpog‘istonlik kurashchi qizlar ikkinchi o‘rinni band etishgan bo‘lsa, kuchli uchlikka mezbonlar Navoiy viloyati jamoasi yakun yasab berdi.

Shuningdek, O‘zbekiston kubogi doirasida murabbiylar va hakamlar uchun seminar ham o‘tkazildi.