image

Xorazm viloyatida yoshlar uchun 2023-yilgi ish rejalari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.

date_range31.01.2023, 23:52
Bugun viloyat hokimligida Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sardor Palvanov va viloyat sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Nodira Jumaniyozova 2023-yilgi ish rejalari bo‘yicha viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Jo‘rabek Raximovga taqdimot qilishdi.
Taqdimotda qayd qilinishicha, viloyatda joriy yilda 36 ta mini futbol, badminton, stritbol va vorkaut maydonchalari, qo‘shimcha 115 ta sport to‘garaklari tashkil qilinadi. Viloyatimiz terma jamoalari Osiyo va Paraosiyo, butunjahon maxsus yozgi Olimpiadasi, boks bo‘yicha jahon chempionati kabi xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
Viloyatimizning o‘zida al-Beruniy shaxmat turniri, kurash bo‘yicha Pahlavon Mahmud turniri, “strongmen” bahodirlar o‘yinlari, etnosport kabi xalqaro musobaqalar o‘tkaziladi. Umuman viloyat bo‘yicha jami aholining 30 foizini ommaviy sportga keng jalb qilish rejalashtirilgan.
Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sardorbek Polvonovning taqdimotida keltirilishicha, 2023-yilda viloyatda “Yoshlar daftari” tizimi orqali 13 ming nafar yoshlar ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanadi, 51 ming 190 nafar yoshlarning bandligi taʼminlanadi.
“Besh tashabbus” olimpiadasi doirasida 14 xildagi musobaqa va tanlovlar tashkil qilinib, 341 ming nafar yoshlar qamrab olinadi. O‘quvchilarni xorijiy tillarni va kasb-hunar o‘rganishlari uchun qator loyihalar amalga oshiriladi, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olish chora-tadbirlari ko‘riladi. ”Bir million dasturchi” loyihasiga 8 ming nafar yoshlar jalb qilinadi.Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Jo‘rabek Raximov ish rejalarini bugungi kunning dolzarb vazifalaridan kelib chiqib yana-da takomillashtirish bo‘yicha takliflar berdi.