image

Gurlan tuman Xalq qabulxonasiga 2022-yil 9 oy davomida jami 387 ta murojaat kelib tushgan

date_range24.10.2022, 14:53
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-yanvardagi “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5633-sonli Farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Gurlan tumanidagi Xalq qabulxonasiga tuman bo‘yicha sektorlar kesimida 2022-yil 9 oy davomida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarining ro‘yxatga olinishi hamda ularning hal qilinishi ahvoli o‘rganildi.

Tahlillarga ko‘ra, Gurlan tuman Xalq qabulxonasiga 2022-yil 9 oy davomida jami 387 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, undagi masalalar soni jami 428 tani tashkil qiladi, shundan 363 tasi ko‘rib chiqilgan va 308 tasi, ya'ni 80,0 foizi qanoatlantirilgan. Ijobiy hal etilgan murojaatlar esa 123 ta, ya'ni 32,0 foizni tashkil etadi xolos.
2021-yilning shu davriga (440 murojaat) nisbatan 2022-yilning 9 oyi davomida murojaatlar soni 83 taga kamaygan.
Shuningdek, 2022-yil 9 oyi davomida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan jami 387 ta murojaatlar sohalar bo‘yicha tahlil qilinganda,  murojaatlarning asosiy qismi, ya'ni, 8 tasi sud masalalari va sud qarorlarining ijro etilishi bo‘yicha, 7 tasi ichki ishlar faoliyati masalalari bo‘yicha, 5 tasi prokuratura faoliyatiga oid, 7 tasi aliment masalalari bo‘yicha, 26 tasi sog‘liqni saqlash va dori-darmonga narx-navo masalalari bo‘yicha, 17 tasi pensiya ta'minoti hamda bolalar nafaqasini olish masalalari bo‘yicha, 17 tasi ta'lim sohasidagi masalalar bo‘yicha, 17 tasi uy-joy olish va uy-joy qurish uchun yer ajratish masalalari yuzasidan, 26 tasi mehnat va bandlik masalasi, shu jumladan ishga joylashish va ishga tiklanish masalalari bo‘yicha, 8 tasi kredit olish, bank-moliya va tadbirkorlik huquqlarining buzilishi masalalari bo‘yicha, 46 tasi gaz, elektr, suv, issiqlik ta'minoti, kommunal to‘lovlarni hisoblash, shu jumladan elektr energiyasi va gaz ta'minotini o‘chirilishi va asossiz qarzdorlik hisoblanishi bo‘yicha va soliq to‘lovlari masalalari bilan bog‘liq masalalari bo‘yicha, 37 tasi yo‘l qurilishi, transport masalalari va qurilish  sohasi bilan bog‘liq masalalari bo‘yicha, 36 tasi moddiy yordam olish, shu jumladan oilaga moddiy yordam va bir martalik moddiy yordam olish masalalari bo‘yicha, 130 tasi boshqa masalalar bo‘yicha kelib tushgan.
2021-yil 9 oyi bilan 2022-yilning 9 oyida sohalar bo‘yicha kelib tushgan murojaatlar solishtirilganida, sud masalalari va sud qarorlarining ijro etilishi bo‘yicha 5 taga (13/8), ichki ishlar faoliyati masalalari bo‘yicha 1 taga (8/7), aliment masalalari bo‘yicha 8 taga (15/7), pensiya ta'minoti hamda bolalar nafaqasini olish masalalari bo‘yicha 4 taga (21/17), uy-joy olish va uy-joy qurish uchun yer ajratish masalalari yuzasidan 14 taga (31/17), mehnat va bandlik masalasi, shu jumladan ishga joylashish va ishga tiklanish masalalari bo‘yicha 28 taga (54/26), kredit olish, bank-moliya va tadbirkorlik huquqlarining buzilishi masalalari bo‘yicha 15 taga (23/8), gaz, elektr, suv, issiqlik ta'minoti, kommunal to‘lovlarni hisoblash, shu jumladan elektr energiyasi va gaz ta'minotini o‘chirilishi va asossiz qarzdorlik hisoblanishi bo‘yicha va soliq to‘lovlari masalalari bilan bog‘liq masalalari bo‘yicha 3 taga (49/46) kamaygan, prokuratura faoliyatiga oid masalalari bo‘yicha 4 taga (1/5), sog‘liqni saqlash va dori-darmonga narx-navo masalalari bo‘yicha 9 taga (17/26),  ta'lim sohasidagi masalalar bo‘yicha 6 taga (11/17), yo‘l qurilishi, transport masalalari va qurilish  sohasi bilan bog‘liq masalalari bo‘yicha 8 taga (29/37) oshgan.
Tuman Xalq qabulxonasiga kelib tushayotgan murojaatlar 2021-yilning shu davriga (440 ta murojaat) nisbatan 2022-yilning 3-choragida 83 taga kamaygan bo‘lsada, ayrim sohalar faoliyatidan norozilik bildirilgan murojaatlar soni yuqoriligicha qolmoqda.
Jumladan, murojaatlar bu davrda
  • sog‘likni saqlash masalalari bo‘yicha 9 taga;
  • yo‘l qurilishi, transport masalalari va qurilish  sohasi bilan bog‘liq masalalari bo‘yicha 8 taga;
  • ta'lim sohasi 6 taga;
  • prokuratura faoliyatiga oid masalalari bo‘yicha 4 taga oshgan.
Shuningdek, 2022-yil 9 oyi davomida tuman Xalq qabulxonasiga kelib tushgan jami 387 ta murojaat, undagi 428 ta masalalar sektorlar bo‘yicha tahlil qilinganda,
1-sektor hududi kesimida jami 96 ta murajaatlar kelib tushgan bo‘lib, shundan 31 tasi;
 2-sektor hududi kesimida jami 104 ta murajaatlar kelib tushgan bo‘lib, 31 tasi;
3-sektor hududi kesimida jami 111 ta murajaatlar kelib tushgan bo‘lib, 31 tasi;
4-sektor hududi kesimida jami 109 ta murajaatlar kelib tushgan bo‘lib, 38 tasi ijobiy hal etilgan.
Boshqa tumanlardan 8 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, 3 tasi ijobiy hal etilgan.
2021-yil 9 oyi bilan 2022-yilning 9 oyida sektorlar kesimida kelib tushgan murojaatlar solishtirilganida, 1-sektor hududi kesimida 25 taga (121/96), 4-sektor hududi kesimida 43 taga (152/109), boshqa tumanlardan 2 taga (9/7) kamaygan,
2-sektor hududi kesimida 14 taga (90/104), 3-sektor hududi kesimida 13 taga (98/111) oshganligini kuzatish mumkin.
Bundan tashqari, 2022-yil 9 oyi davomida tuman Xalq qabulxonasiga kelib tushgan jami 387 ta murojaat, undagi 428 ta masalalar sektorlar hududidagi mahallalar kesimida tahlil qilinganda, eng ko‘p murojaatlar 30 tasi Navbahor mahallasidan, 23 tasi Ziyokor mahallasidan, 18 tasi Yormish mahallasidan kelib tushgan. 
Shuningdek, 1-sektor hududida Navro‘z mahallasi 12 taga (3/15), Nurobod mahallasi 2 taga (7/9), Ziyokor mahallasi 1 taga (22/23).
2-sektor hududida Oqqum mahallasi 6 taga (7/13), Mevazor mahallasi 5 taga (6/11), Nurafshon mahallasi 4 taga (4/8), Qangli mahallasi 4 taga (8/12), Boldoqli mahallasi 4 taga (4/8), Bo‘zqal'a mahallasi 3 tasi (8/11), Ishonch mahallasi 3 tasi (7/10), Olchin mahallasi 2 taga (4/6).
3 sektor hududida Navbaor mahallasi 10 taga (20/30), Nukus mahallasi 5 taga (8/13), Besh uy mahallasi 4 taga (6/10), Nurli yo‘l mahallasi 3 taga (6/9).
4-sektor hududida Shodlik mahallasi 10 taga (3/13), Fidokor mahallasi 3 taga (5/8), Vatanparvar mahallasi 1 taga (4/5) murojaatlar keskin oshib ketgan. Qolgan mahallalarda kamayganini ko‘rish mumkin.
Bundan tashqari, Xalq qabulxonasi tomonidan nazoratga olinib, o‘rganish uchun 15 kunlik muddat bilan yuborilgan murojaatlarning ko‘rib chiqilishi unchalik ko‘p muddat talab qilinmaydigan bo‘lsada, muddatlarni asossiz ravishda bir oygacha va undan ortiq bo‘lgan muddatga uzaytirish holatlari, murojaatlarni to‘liq, mazmunan o‘rganib chiqmasdan asossiz ravishda javob xatlari kiritayotgan, fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashdagi yo‘l qo‘yilgan kamchiliklari yuzasidan tuman Xalq qabulxonasi tomonidan kiritilib kelayotgan taklif va takdimnomalar bo‘yicha o‘tkazilgan tekshirish natijalariga ko‘ra, mas'ullarga nisbatan ogohlantirish, xayfsan, jarimalar qo‘llanilganligiga qaramasdan, murojaatlarni to‘liq o‘rganib chiqmasdan, o‘z lavozimiga sovuqqonlik bilan yondashib, muddat buzish holatlari takrorlanmoqda.
Joriy yilning shu kuniga qadar 9 ta murojaatning ya'ni, 5 ta tuman hokimligi, 2 ta oila va xotin-qizlar tuman bo‘limi, 2 ta tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan muddati buzilgan.
Jumladan, Marbugat mahallasida yashovchi Matmuratova Maqsuda 2022-yil
25-maydagi 65843-xq/22-sonli, Yormish mahallasida yashovchi Eshimbetova Klaraning 2022-yil 26-maydagi 67381-xq/22-sonli, Yormish mahallasida yashovchi Xudoyarova tamara 2022-yil 30-maydagi 68807-xq/22-sonli, Qangli mahallasida yashovchi Baymanova Mukarrama 2022-yil 27-iyuldagi 81005-xq/22-sonli, Yormish mahallasida yashovchi Eshmuratova Ayimjon 2022-yil 14-iyuldagi 86932-xq/22-sonli, murojaatlari to‘liq, mazmunan o‘rganib chiqilmasdan, yechimini topmay o‘z xoliga tashlab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-avgustdagi “Xududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta'minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 3182-sonli qarorining 13-bandi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-dekabrdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining, tumanlar va shaharlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha xudud rahbarlari faoliyatini baholash mezonlarini joriy etish to‘g‘risida”gi 973-sonli qarori yuzasidan aniq choralar ko‘rish maqsadida sektor rahbarlari har xaftada kamida bir marta o‘ziga biriktirilgan hududdagi mahallalarda tasdiqlangan jadvalga muvofiq sayyor qabullar o‘tkazib borishlari belgilangan.
Sektor rahbarlari tomonidan 127 ta (reja bo‘yicha 132 ta) ommaviy sayyor qabullar o‘tkazilgan. Qabullarda 2173 nafar fuqarolar qatnashib, 557 ta masala yuzasidan murojaat qilganlar. Murojaatlarning 270 tasi ya'ni, 48,5 foizi ijobiy hal qilinishi ta'minlangan, 287 tasi ya'ni 51,5 foizi bo‘yicha murojaatchilarga tushuntirishlar berilgan,
2-sektor rahbari – tuman prokurori tuzilgan reja grafikka asosan 33 marotaba sayyor qabul o‘tkazishi belgilangan bo‘lsada, shu kunga qadar 27 marotaba qabul o‘tkazgan.
Kun tartibidagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Gurlan tumanidagi xalq qabulxonasining 2022-yil 3-choragida murojaatlar bilan ishlash faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Gurlan tumanidagi xalq qabulxonasi mudiri I.Tlavovning axboroti tinglanib, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 6, 24-moddasiga muvofiq, xalq deputatlari tuman kengashi.
QAROR QILADI:
1.  Gurlan tumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil
17-yanvardagi “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5633-sonli Farmoni talablari ijrosini ta'minlash yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Gurlan tumani Xalq qabulxonasi mudiri I.Tlavovning 2022-yil 3-chorak yakuni bo‘yicha axboroti ma'lumot uchun qabul qilinsin.
2. Tuman sektorlar rahbarlarining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari” bilan ishlash, jismoniy shaxslarning vakillarini ommaviy sayyor qabullarni o‘tkazish, murojaatlarni joyida hal qilish borasida yetarlicha ish olib bormayotganliklari qayd qilinsin.
3. Tuman sektorlar rahbarlari (K.Raxmanov, Sh.Ramazanov, A.Urazbaev)ga;
 -joriy yilning boshida tumanning 4 ta sektor rahbarlari tomonidan (tuman Xalq qabulxonasi bilan kelishilgan holda) tasdiqlangan davlat boshqaruvi, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tuman Xalq qabulxonasida jismoniy va yuridik shaxslar vakillarini qabul qilish jadvaliga asosan belgilangan muddatlarda o‘tkazilishini ta'minlasinlar.
4. Tuman hokimligi tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari Sh.Bekchanovga:
Tuman hokimi o‘rinbosarlari B.Atashev, N.Babajanova, E.Boltaevlarga nisbatan Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda mas'uliyatsizlik bilan yondashayotganligi uchun qonunda belgilangan tartibda tegishli ta'sir choralarini ko‘rish tavsiya qilinsin.
5. Tumandagi idora, tashkilot va muassasalar rahbarlari, sektorlar ishchi guruhlari tomonidan aniqlangan aholi muammolarini bartaraf qilish chog‘ida belgilangan vazifalarning so‘zsiz va samarali amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgar ekanliklari haqida ogohlantirilsinlar.
6. Sektor rahbarlari jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashda va ommaviy qabullarni reja jadval asosida o‘tkazish hamda ommaviy sayyor qabullar natijalarini mahalliy nashrlarda, ommaviy axborot vositalarida hamda ijtimoiy tarmoqlarda to‘liq yoritilishi ta'minlasinlar.
7. Mazkur qaror tuman hokimligining internetdagi rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
8. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari Gurlan tumani Kengashining doimiy komissiyalari zimmasiga yuklatilsin.

Sessiya raisiSh.Xudayarov