image

Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi jurnalist va blogerlari uchun trening o’tkazildi.

date_range22.09.2022, 16:20
Urganch, 2022 yil 22 sentyabr.  «O‘zbekiston medilarida mehnat munosabatlarining axloqiy jihatlari va masalalarini qanday yoritish kerak» – Urganch shahrida Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi jurnalist va blogerlari uchun o‘tkazilayotgan trening shu mavzuga bag‘ishlangan.  
Trening o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad media vakillarining mehnat munosabatlari, jumladan, ulardagi huquqbuzarliklarni yoritish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishdan iborat. O‘quv dasturida xalqaro va milliy mehnat qonunchiligi asoslarini, mehnatni tartibga solishning asosiy tamoyillari o’rin olgan, bunda gender, inklyuzivlik va moslashuvchan ish vaqtiga urg‘u berilgan.
Shuningdek, trening ishtirokchilari mehnat munosabatlari masalalarini sifatli jurnalistika mezonlari asosida samarali yoritish bo‘yicha ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar.
«Treningda O‘zbekistonda mehnat qonunchiligini amalga oshirishdagi dolzarb muammolar, shuningdek, yangi Mehnat kodeksi ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalalari muhokama qilinmoqda. Bu biz, jurnalist va blogerlarga mehnat qonunchiligiga oid masalalarni to‘g‘ri yoritish, keng jamoatchilikka ma’lumotlarni yetkazish imkonini beradi», — dedi qoraqalpog‘istonlik jurnalist Qumar Beginiyozova.
Trening Buyuk Britaniya hukumati tomonidan moliyalashtirilayotgan va 2020 va 2025 yillar oralig'ida O‘zbekiston Respublikasida, Qirg‘iziston Respublikasida, Tojikiston Respublikasida islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarida iqtisodiy siyosatning samaradorligi, hisobdorligi va shaffofligini oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan “Iqtisodiy rivojlanish uchun samarali boshqaruv” (Effective Governance for Economic Development (EGED)) dasturining ikkinchi tarkibiy qismi boʻlgan “Ochiq va hisobdor iqtisodiy siyosatni taʼminlash maqsadida fuqarolik jamiyatini mustahkamlash” loyihasi doirasida oʻtkazilmoqda.
O‘zbekistonda loyiha xalqaro nohukumat tashkilot bo‘lgan Texnik hamkorlik va taraqqiyot agentligi (ACTED) hamda O‘zbekiston Respublikasi Zamonaviy jurnalistikasini rivojlantirish markazi tomonidan ma'lumotlardan eng samarali foydalanish orqali fuqarolik jamiyati va medialarni mustahkamlash, shu jumladan mehnat huquqlarini himoya qilish va yashil iqtisodiyotni rag'batlantirish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Loyiha Buyuk Britaniya hukumatining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilmoqda.