image

Xorazmda ushlangan og’ufurish 10 yilga qamaldi.

date_range27.08.2022, 22:01
2022 yil 18 avgust kuni Xorazm viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼatida fuqaro Akbar Alimovga (ismi-shariflar o‘zgartirilgan) nisbatan jinoyat ishi apellyatsiya tartibida ko‘rilib, qonuniy yechimini topdi.
Bugun mamlakatimizda har sohada islohotlar amalga oshirilmoqda, taraqqiyotning yangi-yangi bosqichlariga poydevor qo‘yilmoqda. Lekin, kelajagimizga tahdid soluvchi, insonni to‘g‘ri yo‘ldan ozdirib, oxir oqibat umriga zomin bo‘luvchi bir qancha omillar hamon saqlanib qolmoqda. Ana shunday xatarlardan biri giyohvandlik balosidir.
Jamiyatimiz giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish jinoyati bilan kurashayotgan bir paytda, oramizda bu kabi qilmishlarni sodir etayotgan shaxslarning hamon uchrayotganligi achinarli holat.Biroq har qanday jinoiy qilmishga javobgarlik borligini unutmasligimiz lozim.

2022 yil 08 iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Bog‘ot tuman sudi tomonidan Akbar Alimovga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sudda maʼlum bo‘lishicha Akbar 2022 yil 5 fevral kuni soat taxminan 18:40 larda DXX Xorazm viloyati boshqarmasi, DXX Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, Xorazm viloyati IIB va viloyat bojxona boshqarmasi Kontrabanda va BQBga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari hamkorlikda Urganch tumanidagi “Cholish” YPX blok postida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida “To‘rtko‘l-Urganch” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan “Traker” rusumli yengil avtomashinada yo‘lovchi sifatida harakatlanib ketayotganida to‘xtatilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ushbu avtomashina haydovchisi R.Rajapov va yo‘lovchisi A.Alimovlar tegishli tartibda shaxsiy tintuv qilinganida, Akbarning o‘ng oyog‘i tizzasining orqa tomoniga mahkamlangan oq rangli sellofan paket borligi, uning ichida 8 dona kichik selofan paket bo‘lakchalariga o‘ralgan, jami vazni 112,27 gramm ko‘p miqdordagi “opiy” giyohvandlik vositasi topilgan.

Ayblanuvchi ushbu giyohvandlik vositasini kelgusida sotib o‘tkazish maqsadida qonunga xilof ravishda saqlab qo‘yganligi aniqlanib, o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra, jinoyat oxiriga yetkazilmasdan, jinoyat sodir etishga suiqasd qilgan.

Birinchi instansiya sudi tomonidan Akbarga O‘zbekiston Respublikasi JKning 25,273-moddasi 5-qismi 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Sud hukmiga sudlanuvchi va uning himoyachisi tomonidan keltirilgan shikoyatiga asosan, jinoyat ishi Xorazm viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasi tomonidan ko‘rilib, ishga doir hujjatlar, taraflarning fikri va ko‘rsatmalar diqqat bilan o‘rganildi. Yakunda esa sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirildi.

Zafar Yakubov,
Xorazm viloyat sudining
jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi