image

“Qoradori-2022”: Giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar fosh etildi

date_range02.08.2022, 20:28
Joriy yilning 1 avgust kunidan “Qoradori-2022” tezkor-profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi boshlangan bo‘lib, mazkur tadbir doirasida Xorazm viloyati IIB tomonidan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq jinoyatlarni aniqlash, shuningdek, taqiqlangan ekinlarni, yaʼni ko‘knor yoki moyli ko‘knor, kannabis o‘simligi yoxud tarkibida giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bo‘lgan ekinlarni qonunga xilof ravishda ekish yoki yetishtirish bilan bog‘liq jinoyatlarni fosh etishga qaratilgan chora-tadbirlar yana-da kuchaytirildi.
Xususan, olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasidagi quyidagi jinoyatlar fosh etildi.Jumladan, Bog‘ot tumanida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan, E.P. sotuvchilik qiladigan do‘kon ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida u do‘kon peshtaxtasidagi ozoq-ovqat mahsulotlari orasida 66 ta kapsula  “Regapen” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari va 23 dona “Tramadol” nomli narkotik vositalar tarkibiga kiruvchi tabletkalarni kelgusida o‘tkazish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlandi.
Shuningdek, Qo‘shko‘pir tumanidagi dorixona sotuvchisi, 2000 yilda tug‘ilgan N.O.  xaridorga 10 ta konvalyuta  “Benzonal” yozuvli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini 100 000 so‘mga sotgan paytida viloyat IIB JQB xodimlari tomonidan jinoyat ustida ushlandi. Shundan keyin ushbu dorixona xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida peshtaxtada yana 10 ta konvalyuta “Benzonal” yozuvli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasi borligi aniqlandi.Bundan tashqari, ilgari giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun jazoni o‘tab chiqqan, Urganch shahrida yashovchi, 1981 yilda tug‘ilgan Q.I. huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan Urganch shahrining markaziy ko‘chasida to‘xtatilib, xolislar ishtirokida yoni ko‘zdan kechirilganida, 11 bo‘lak “gashish” giyohvandlik vositasini o‘zi bilan olib yurganligi maʼlum bo‘ldi.
Mazkur xolatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati