image

Qo’shko’pir tumanidagi Tender yuzasidan rasmiy munosabat berildi.

date_range01.08.2022, 19:20
Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi https://t.me/XORAZMLIKLAR kanali orqali “Qo‘shko‘pir tumanidagi Tenderda qonun buzilishiga yo‘l qo‘yildi, Monopolya esa vaziyatga ko‘z yumdi(mi)?” mavzusida chiqarilgan maqola yuzasidan hududiy boshqarma quyidagilarni ma’lum qiladi
Hududiy boshqarma tomonidan, “ABU BAKR STROY” MChJ vakili B.Quryazovning Qo‘shko‘pir tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan Qo‘shko‘pir tumani, Kenagas qishlog‘ida joylashgan 16-son oilaviy poliklinika binosini joriy ta’mirlash uchun https://etender.uzex.uz/ maxsus axborot portali orqali 109824-sonli lot raqami bilan joylashtirilgan e’longa muvofiq o‘tkazilgan eng yaxshi takliflarni tanlash (tanlov) bo‘yicha o‘tkazilgan savdolar natijalaridan norozi bo‘lib qilgan murojaatiga asosan o‘rganish ishlari o‘tkazilgan.
O‘tkazilgan o‘rganishlar jarayonida, Qo‘shko‘pir tumani, Kenagas qishlog‘ida joylashgan 16-son oilaviy poliklinika binosini joriy ta’mirlash uchun boshlang‘ich narxi 690 696 957,0 so‘m bo‘lgan 109824-sonli lot raqami bilan e’lon qilingan elektron tanlov texnik qismning miqdoriy ko‘rsatkichi 90 ball va narx usulining miqdoriy ko‘rsatkichi esa 10 ball qilib belgilanganligi, shuningdek, texnik qism bo‘yicha kamida 50 ball to‘plagan ishtirokchilar keyingi bosqichga o‘tkazilishi belgilanganligi kuzatilgan.
Mazkur e’longa muvofiq tanlov savdosida ishtirok etish uchun 6 ta talabgorlar tomonidan taklif hujjatlari taqdim qilingan va 2022-yil 30-iyun kuni o‘tkazilgan elektron tanlovda “YASHKA USTA” XK g‘olib deb topilgan.
Avvalo shuni ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunining 85-moddasi 1-qismiga muvofiq eng yaxshi takliflarni tanlash va tender xarid qilish tartib-taomillarini majburiy tartibda elektron shaklda o‘tkazish to‘g‘risidagi talab 2022-yil 1-yanvardan e’tiboran amalga kiritilishi belgilangan.
Shunga ko‘ra, bugungi kunda tanlov (tender) savdolari https://etender.uzex.uz/ maxsus axborot portali orqali talabgorlar tomonidan taqdim qilingan hujjatlar asosida o‘tkazilmoqda.
Ya’ni, buyurtmachilar tomonidan texnik qism bo‘yicha belgilangan talablar bo‘yicha talabgorlar tomonidan hujjatlar elektron tarzda taqdim qilinib, taqdim qilingan hujjatlar Xarid komissiyasi tomonidan baholanib kelmoqda.
Bunda narx usulining miqdoriy ko‘rsatkichi talabgorlar tomonidan narx bo‘yicha berilgan takliflardan kelib chiqib, maxsus axborot portal orqali baholanmoqda va maxsus axborot portal orqali inson omili aralashuvisiz Xarid komissiyasi tomonidan texnik qism bo‘yicha baholangan ballarga, narx qismi bo‘yicha ballar bilan umumlashtirilib, yakuniy baholar (ballar) eng yaxshi takliflarni tanlash bo‘yicha yig‘ilish bayonida qayd qilib kelinmoqda.
Ushbu holatda inson omili aralashuvi faqat talabgorlarni texnik qism bo‘yicha baholash jarayoni mavjudligi sababli, o‘tkazilayotgan tanlov (tender) savdolarida buyurtmachi tomonidan belgilangan baholash mezonlari hamda ushbu mezonlar bo‘yicha talabgorlar tomonidan taqdim qilingan taklif hujjatlarini baholash jarayonidan qonun hujjatlariga rioya qilinganligi yuzasidan vakolat doirasida o‘rganish ishlari o‘tkazilmoqda.
Qo‘shko‘pir tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan Qo‘shko‘pir tumani, Kenagas qishlog‘ida joylashgan 16-son oilaviy poliklinika binosini joriy ta’mirlash bo‘yicha o‘tkazilgan elektron tanlov savdosida ham ishtirok qilish uchun taklif hujjatlarini taqdim qilgan talabgorlarning taklif hujjatlarini texnik qism bo‘yicha baholash jarayonida Xarid komissiyasi tomonidan ayrim xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi kuzatilgan.
Jumladan, o‘tkazilgan tanlovda Xarid komissiyasi tomonidan ishtirokchilarning taklif hujjatlari texnik qism bo‘yicha 6 ta mezonlar asosida baholangan bo‘lsa, shundan quyidagi mezonlar bo‘yicha baholash jarayonida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.
Birinchi mezon bo‘yicha buyurtmachi tomonidan boshlang‘ich narxning 20 foizigacha bo‘lgan miqdorda aylanma mablag‘larning mavjudligi hamda qarzdorligi mavjud emasligi to‘g‘risidagi bank tomonidan tasdiqlangan ma’lumotnoma so‘ralgan bo‘lib, ushbu mezonga muvofiq ishtirokchilar eng ko‘pi bilan 20 ball bilan baholanishi belgilangan.
O‘rganish davomida barcha talabgorlar tomonidan tijorat banki tomonidan obyekt boshlang‘ich narxining 20 foizigacha bo‘lgan miqdorda aylanma mablag‘lari mavjudligi va qarzdorligi mavjud emasligi to‘g‘risidagi tasdiqlangan holda taqdim qilingan ma’lumotnomalar maxsus axborot portal orqali joylashtirilgan bo‘lsada, faqat tanlov g‘olibi deb topilgan talabgor 20 ball bilan baholanganligi va qolgan talabgorlar 2 balldan 15 ballgacha baholanganligi kuzatildi.
Uchinchi mezon bo‘yicha buyurtmachi tomonidan oxirgi 3 yil davomida bajarilgan ishlar va bajarilgan ishlarni qabul qilish-topshirish yuzasidan Davlat qabul komissiyasining ma’lumoti bilan birgalikda oldingi davrlarda bajarilgan ishlarni o‘z vaqtida bajarilganligini asoslovchi hujjatlarni taqdim qilish talab qilingan va ushbu mezonga muvofiq ishtirokchilar eng ko‘pi bilan 20 ball bilan baholanishi belgilangan.
O‘rganish davomida yuqoridagi mazonga muvofiq tegishli hujjatlarni taqdim qilgan talabgorlar “ABU BAKR STROY” MChJ 10 ball bilan, “KENAGAS QURILISH MONTAJ” XITQK 15 ball bilan, “ENTER BETON INJINIRING” MChJ 10 ball bilan baholanganligi, shuningdek, 2019 va 2021-yillarda qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirganligi to‘g‘risidagi hujjatlarni taqdim qilgan “BAXTIYAR AMIRBEK” MChJ 7 ball bilan va 2020-2021-yillarda qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirganligi to‘g‘risidagi hujjatlarni taqdim qilgan “YASHKA USTA” XK esa, 20 ball bilan baholanganligi kuzatildi.
Ya’ni, “YASHKA USTA” XK tomonidan oxirgi 2 yil davomida qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirganligi to‘g‘risidagi hujjatlar taqdim qilingan bo‘lsada, eng yuqori ball bilan baholanganligi kuzatildi.
To‘rtinchi mezon bo‘yicha buyurtmachi tomonidan talabgorlar tomonidan oxirgi 3 yil davomidagi balans va moliyaviy natijalari to‘g‘risidagi hisobotlar Davlat soliq inspektsiyasi tomonidan tasdiqlangan holda taqdim qilinishi kerakligi so‘ralgan bo‘lib, ushbu mezonga muvofiq ishtirokchilar eng ko‘pi bilan 20 ball bilan baholanishi belgilangan.
O‘rganish davomida yuqoridagi mazonga muvofiq 3 yil davomidagi balans va moliyaviy natijalari to‘g‘risidagi hisobotlar Davlat soliq inspektsiyasi tomonidan qabul qilinganligini tasdiqlovchi tasdiqnomalar taqdim qilingan bo‘lsada, “KENAGAS QURILISH MONTAJ” XITQK va “ENTER BETON INJINIRING” MChJlar 15 ball bilan baholanganligi kuzatildi.
Xuddi shuningdek, hujjatlarni taqdim qilgan “QO‘SHKO‘PIR TA’MIR QURILISHI” XITQK va “YASHKA USTA” XKlar 20 ball bilan baholangan.
Beshinchi mezon bo‘yicha buyurtmachi tomonidan pudratchi tashkilotning ustavi, tadbirkorlik subyekti sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma taqdim qilinishi so‘ralgan bo‘lib, pudratchi tashkilotning asosiy faoliyati qurilish sohasi bo‘lishi, kamida 3 yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi kerakligi ko‘rsatilgan va ushbu mezonga muvofiq ishtirokchilar eng ko‘pi bilan 20 ball bilan baholanishi belgilangan.
O‘rganish davomida barcha talabgorlar tomonidan korxonaning ustavi, tadbirkorlik subyekti sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma taqdim qilingan bo‘lsada, shuningdek, barcha talabgorlar 3 yillik ish tajribasiga ega va asosiy faoliyat turi qurilish sohasida bo‘lsada “BAXTIYAR AMIRBEK” MChJ 13 ball, “ABU BAKR STROY” MChJ 14 ball, KENAGAS QURILISH MONTAJ” XITQK 15 ball, “ENTER BETON INJINIRING” MChJlar 15 ball bilan baholanganligi kuzatildi.
Xuddi shuningdek, hujjatlarni taqdim qilgan “QO‘SHKO‘PIR TA’MIR QURILISHI” XITQK va “YASHKA USTA” XKlar 20 ball bilan baholangan.
O‘rganish natijasida yuqorida qayd qilingan xato va kamchiliklar elektron tanlov savdolari natijalariga ta’sir ko‘rsatganligi ya’ni, Xarid komissiyasi tomonidan talabgorlar tomonidan taqdim qilingan taklif hujjatlari baholash jarayonida yuqoridagi xato va kamchiliklarsiz baholangan taqdirda g‘olib deb topilgan talabgorlar nomi o‘zgarishi mumkinligi kuzatilgan.
Shu bilan birgalikda buyurtmachi tomonidan baholash mezonlari bo‘yicha tartib-taomillar ishlab chiqilmaganligi, ya’ni, qaysi holatda ishtirokchilar yuqori va qaysi holatlarda past ballar bilan baholanishi ko‘rsatilmaganligi kuzatilgan.
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunining 
5-moddasiga muvofiq, davlat xaridlarining asosiy prinsiplari kasbiy mahorat va mas’uliyatlilik, asoslanganlik, moliyaviy mablag‘lardan foydalanishning oqilonaligi, tejamkorligi va samaradorligi, ochiqlik va shaffoflik, raqobat va xolislik, mutanosiblik, davlat xaridlari tizimining yagonaligi va yaxlitligi, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat.
Shuningdek, Qonunning 32-moddasi 2-qismida “Davlat buyurtmachisi tomonidan belgilanadigan davlat xaridi shartlarida ishtirokchilarning takliflarini baholash mezonlari, ularning nisbiy qiymati, baholash tartib-taomillari doirasida baholash mezonlarini qo‘llash tartibi bo‘lishi kerak” va 3-qismida “Ishtirokchilarning takliflarini baholash va g‘olibni aniqlashda davlat buyurtmachisi faqat xarid qilish hujjatlarida ko‘rsatilgan baholash mezonlari va tartib-taomillaridan foydalanadi hamda bu mezonlar va tartib-taomillarni ushbu hujjatlarda bayon etilgan tartibda qo‘llaydi” – deb belgilangan.
Bundan tashqari o‘rganish davomida buyurtmachi tashkilot tomonidan tasdiqlangan texnik topshiriqning 7-bandida ishchi xodimlarning minimal miqdori 15 nafar bo‘lishi kerakligi, oxirgi 2 yil davomida sog‘liqni saqlash tizimidagi obyektlarda qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirganligi to‘g‘risidagi tasdiqlovchi hujjatlar hamda tanlov o‘tkaziladigan kunda hisob raqamida umumiy qurilish-ta’mirlash ishlarining 20 foizi miqdorida pul mablag‘lari mavjudligi to‘g‘risidagi bank ma’lumotnomasi taqdim qilinishi kerakligi so‘ralganligi kuzatildi.
Ya’ni, buyurtmachi tashkilot tomonidan tasdiqlangan texnik topshiriqning 
7-bandida ko‘rsatilgan yuqoridagi talablar ishtirokchilarni baholash mezonlari bo‘yicha talablardan farq qiladi.
Jumladan, uchinchi mezon bo‘yicha buyurtmachi tomonidan oxirgi 3 yil davomida bajarilgan ishlar va bajarilgan ishlarni qabul qilish-topshirish yuzasidan Davlat qabul komissiyasining ma’lumoti bilan birgalikda oldingi davrlarda bajarilgan ishlarni o‘z vaqtida bajarilganligini asoslovchi hujjatlarni taqdim qilish talab qilingan, oltinchi mezon bo‘yicha kamida 20 nafar malakali ishchilarning mavjudligi so‘ralgan va baholash mezonlarida umumiy qurilish-ta’mirlash ishlarining 20 foizi miqdorida pul mablag‘lari mavjudligi to‘g‘risidagi bank ma’lumotnomasi taqdim qilinishi kerakligi ko‘rsatilmagan.
O‘rganish davomida umumiy qurilish-ta’mirlash ishlarining 20 foizi miqdorida pul mablag‘lari mavjudligi to‘g‘risidagi bank ma’lumotnomasi faqat “YASHKA USTA” XK tomonidan taqdim qilinganligi kuzatildi.
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunining 
61-moddasida “E’londa tanlash o‘tkaziladigan vaqt sifatida ko‘rsatilgan vaqtda tanlash komissiyasi tanlash ishtirokchilari tomonidan berilgan takliflar solingan konvertlarni takliflarni baholash uchun ochadi. Kelib tushgan takliflar xarid komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Tanlash bo‘yicha xarid qilish hujjatlari talablariga mos kelmaydigan takliflar xarid komissiyasi tomonidan rad etiladi va baholanmaydi. Tanlashni o‘tkazishda ishtirokchilarning boshlang‘ich narxdan yuqori bo‘lgan narx bo‘yicha takliflari xarid komissiyasi tomonidan rad etiladi va baholanmaydi.
Agar xarid komissiyasi tomonidan ishtirokchilardan tanlash bo‘yicha xarid qilish hujjatlarida ko‘rsatilgan talablarga javob beradigan kamida ikkita taklif olingan bo‘lsa, tanlash o‘tkazilgan deb hisoblanadi.
Ishtirokchilarning barcha takliflari tanlash bo‘yicha xarid qilish hujjatlarida ko‘rsatilgan mezonlar asosida baholanadi va tanlash o‘tkazish bayonnomasida qayd etiladi” – deb belgilangan.
Yuqoridagi holatlarda Qo‘shko‘pir tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 14-moddasi 1-qism 
2-xatboshi (savdolar o‘tkazishning qonunchilikda belgilangan tartibini buzish taqiqlanadi) va 6-xatboshi (savdolarning bitta yoki bir nechta ishtirokchisiga savdolarda qatnashish uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berish taqiqlanadi)talablariga rioya qilinmagan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Qo‘shko‘pir tuman tibbiyot birlashmasiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 12-oktabrdagi 
225-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Raqobat, tabiiy monopoliyalar, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ish qo‘zg‘atish va ularni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga asosan ish qo‘zg‘atilgan.
Maxsus komissiya tomonidan ishni ko‘rib chiqish davomida Qo‘shko‘pir tuman tibbiyot birlashmasi ishonchli vakili tomonidan tanlov g‘olibi deb topilgan talabgor bilan shartnoma tuzilib ro‘yxatdan o‘tkazilganligi, g‘olib deb topilgan talabgor tomonidan obyektda ta’mirlash ishlari boshlab yuborilganligi hamda demontaj ishlari to‘liq yakunlanib, obyekt ichki qismida ta’mirlash ishlari davom qilayotganligi bildirilganligi inobatga olingan.
Ya’ni, buyurtmachi va tanlov g‘olibi deb topilgan talabgor o‘rtasida iqtisodiy munosabatlarga kirishilganligi, tanlov g‘olibi deb topilgan talabgor tomonidan shartnomaga asosan smeta hujjatlarida belgilangan ishlarni amalga oshirish uchun mablag‘lar sarflanganligi hamda ishchi kuchidan foydalanilganligi inobatga olinib, Qo‘shko‘pir tuman tibbiyot birlashmasiga qononbuzilish holatini kelgusida qayta takrorlamaslik to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan shuningdek, tanlov savdolariga doir monopoliyaga qarshi talablarni buzganlik uchun Qo‘shko‘pir tuman tibbiyot birlashmasi mansabdor shaxsiga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilishi uchun hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Shu o‘rinda, shuni ma’lum qilamizki, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi hamda uning hududiy organlari tomonidan davlat xaridlarini amalga oshirilishi jarayonida davlat buyurtmachilari tomonidan raqobatni cheklanishiga yo‘l qo‘yilayotganligi va raqobat muhitiga ta’sir ko‘rsatilayotgan boshqa holatlar bo‘yicha tadbirkorlik subyektlari tomonidan qilingan murojaatlar hamda ijtimoiy tarmoqlardagi xaridlarni amalga oshirilishi jarayonidagi manfaatlar to‘qnashuvi, tanlov (tender) savdolarini o‘tkazishni qonun hujjatlarida belgilangan tartibini buzish bilan bog‘liq holatlar mavzusidagi tanqidiy chiqishlar va murojaatlar yuzasidan muntazam ravishda o‘rganish ishlari o‘tkazilmoqda.
Shu bilan birgalikda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jalb qilingan o‘rganishlar va nazorat tadbirlarida davlat buyurtmachilari hamda strategik ahamiyatga ega xo‘jalik jamiyatlari va korxonalar tomonidan o‘tkazilgan tanlov (tender) savdolarida “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun talablariga rioya qilinganligi o‘rganilib, aniqlangan holatlar bo‘yicha ma’lumotlar tegishli organlarga taqdim qilib kelinmoqda.